Ishonch raqami
+99871-292-97-62Matbuot xizmatlari > E'lonlar
01.12.2020
Prezidentning 26 noyabrdagi qarori bilan Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markazi tashkil etiladi.
U “Shifobaxsh” dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash markazi negizida O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi huzurida davlat muassasasi shaklida tashkil etiladi.
Norma’ning yozishicha, uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
Markaz tashqi va ichki bozor talablari hamda marketing natijalaridan kelib chiqib, har yili 1 iyunga qadar dorivor o‘simliklar ekinlarini joylashtirish bo‘yicha Qishloq xo‘jaligi vazirligiga va O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga takliflar kiritishga haqli. Dorivor o‘simliklarni to‘plash (g‘amlash), ularni olib kirish va tashqariga olib chiqishga ruxsatnomalar berganlik, arizalarni ko‘rib chiqqanlik uchun undirilib, mahalliy budjetga yo‘naltiriladigan to‘lovlarning 20 foizi Markaz tomonidan tabiiy holda o‘suvchi, shu jumladan, yo‘qolib borayotgan dorivor o‘simliklarni saqlash, xatlovdan o‘tkazish, ularning madaniy plantatsiyalarini yaratish, onalik ko‘chatzorlarini tashkil etish, dorivor o‘simliklarni yetishtirishga doir texnologik xaritalar ishlab chiqish xarajatlarini qoplash uchun yo‘naltiriladi.
Markaz Davlat budjeti, O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari, xizmat ko‘rsatish va o‘zi yetishtirgan dorivor o‘simliklarni sotishdan tushadigan va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi. Markazda respublikada ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xodimlarning lavozim maoshiga qo‘shimcha haq to‘lash tizimi joriy etiladi. Bunda qo‘shimcha haq belgilanishi bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi hamda xo‘jalik faoliyatidan tushadigan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.
Qaror bilan Markazning tuzilmasi va unga uslubiy va amaliy yordam berish uchun biriktiriladigan muassasalar ro‘yxati tasdiqlandi. Markaz Toshkent viloyati, Toshkent tumani, Darxon qo‘rg‘oni, Chimkent yo‘li ko‘chasi, 2-uyda joylashgan Ijtimoiy-iqtisodiy kasb-hunar kollejining foydalanilmasdan turgan binosiga joylashtiriladi.
Namunaviy plantatsiyalar, laboratoriyalar barpo etish, ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga tatbiq qilish maqsadida xususiy sektorni jalb etgan holda dorivor o‘simliklarni yetishtirish va ilmiy-ishlab chiqarish klasterlari tashkil etiladi. Ularning faoliyati bank kreditlari, tashabbuskorlar mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
G‘allaorol, Kogon hamda Urgut ixtisoslashgan davlat o‘rmon xo‘jaliklari tashkil etiladi. Nukus, Xo‘jayli, Qorako‘l, Baxmal, Zomin, Kitob, Uzun, Boysun, Burchmulla, Ohangaron davlat o‘rmon xo‘jaliklari dorivor o‘simliklarni yetishtirishga, Quyi Chirchiq ixtisoslashgan davlat o‘rmon xo‘jaligi dorivor o‘simliklar urug‘ va ko‘chatlarini tayyorlashga ixtisoslashtiriladi.
Shuningdek, hujjat bilan:
a) ilmiy-tadqiqot va oliy ta'lim muassasalari tomonidan amalga oshirilgan dorivor o‘simliklarga doir ilmiy tadqiqotlar, yangi innovatsion ishlanmalar bo‘yicha ma'lumotlar bazasini shakllantirish, shuningdek, ularning tizimli ravishda yangilab borilishini ta'minlash;
b) tibbiyotda va xalq tabobatida faol qo‘llaniladigan dorivor o‘simliklar kolleksiyasi uchastkasi va genbankini tashkil etish;
v) Markaz huzurida dorivor o‘simliklar xomashyosi va ulardan olinadigan mahsulotlarni sertifikatlash va standartlashtirish laboratoriyasini tashkil etish;
g) 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab:
respublika oliy ta'lim muassasalari “Biologiya” yo‘nalishlarining 3 va 4-kurslarida tahsil olayotgan iqtidorli talabalar tarkibidan alohida guruhlarda chuqurlashtirilgan o‘qitish amaliyotini yo‘lga qo‘yish;
kadrlarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, barcha qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan kollej va texnikumlarda mutaxassisliklar klassifikatsiyasini inobatga olgan holda “Dorivor o‘simliklar yetishtirish agrotexnologiyasi” yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan.
Izohlar (0)
Hozircha hech qanday izoh topilmadi!
Izoh yozish uchun tizimga kiring, yoki ro’yhatdan o’ting!